BMTning Inson huquqlari bo'yicha idorasi tomonidan e'lon qilingan hisobotga ko'ra, Isroilning G'azodagi shifoxonalar va atrofdagi obyektlarni qayta-qayta nishonga olishi G'azoning sog'liqni saqlash tizimini izdаn chiqargan.
19 sahifali hisobotda ta'kidlanishicha, "Isroilning shifoxonalar va ularning atrofiga qaratilgan halokatli hujumlari tandensiyasi" G'azodagi ko'plab shifoxonalarning vayron bo'lishiga olib keldi. Bu ko'plab shifoxonalar ichida va atrofida davomli jang harakatlariga sabab bo'lib, "sog'liqni saqlash tizimini to'liq halokat yoqasiga olib keldi".
"2023-yil oktabrdan beri vaziyat fojiali darajaga yetdi, chunki allaqachon shikastlangan bu tizim nishonga olindi, natijada yuzlab tibbiyot xodimlari halok bo'ldi," - deb ta'kidladi hisobot mualliflari.
Hisobot 2023-yil 7-oktabrdan - Xamas jangchilari Isroilga terror hujumini amalga oshirib, 1200 ga yaqin odamni o'ldirgan va 250 ga yaqin garovga olgan kundan - 2024-yil 30-iyungacha bo'lgan davrni qamrab oladi.
Xamas AQSh, Britaniya va boshqa G'arb mamlakatlari tomonidan terror tashkiloti sifatida tan olingan.
Ushbu davr mobaynida hisobotda kamida 27 ta shifoxona va 12 ta boshqa tibbiy muassasaga 136 ta zarba berilganligi qayd etilgan. Bu hujumlar tibbiyot xodimlari va fuqarolar orasida ko'plab qurbonlarga sabab bo'lib, fuqarolik infratuzilmasiga "to'liq vayronagarchiliк" keltirgan.
"Bu hisobot G'azodagi sog'liqni saqlash tizimining vayron etilishini va bu hujumlarda bemorlar, xodimlar va boshqa fuqarolarning xalqaro gumanitar va inson huquqlari qonunlarini ochiqdan-ochiq mensimasdan o'ldirilishi ko'lamini batafsil ko'rsatadi," - dedi BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Volker Turk hisobotning e'lon qilinishi munosabati bilan.
U hisobot Isroilning xalqaro qonunlarga rioya qilmayotgani bo'yicha jiddiy xavotirlar uyg'otishini aytdi. Hisobotda tibbiyot xodimlari va shifoxonalar xalqaro gumanitar qonunlar bo'yicha maxsus himoyalanganligi ta'kidlanadi; "agar ular o'zlarining gumanitar vazifalaridan tashqari, dushmanga ziyon yetkazuvchi harakatlarni amalga oshirmasa yoki bu muassasalar shu maqsadlarda foydalanilmasa".
" G'azodagi tinimsiz bombardimon va og'ir gumanitar vaziyat yetmaganidek, falastinliklar o'zlarini xavfsiz his qilishlari kerak bo'lgan yagona boshpana aslida o'lim tuzog'iga aylandi, - dedi Turk. - Urush vaqtida shifoxonalarni himoya qilish hal qiluvchi ahamiyatga ega va barcha tomonlar tomonidan har doim hurmat qilinishi kerak".
Isroilning javobi
Isroil bu ayblovlarni qat'iy rad etdi. Jenevadagi doimiy vakolatxonasining 11 sahifali javobida, Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar idorasining bu to'rtinchi "mavzuli hisoboti" tashkilotdagi "Isroilni qoralashga bo'lgan doimiy xohish"ga ko'plab misollardan biri sifatida tavsiflangan.
Vakolatxona idorani "tibbiyot muassasalaridagi Xamasning harbiy faoliyati haqidagi yaxshi hujjatlashtirilgan dalillarni" rad etishda va "Xamasning G'azo tibbiyot muassasalaridan terror maqsadlarida tizimli foydalanishini tan olishni istamaslik"da aybladi.
Isroil doimiy vakolatxonasi OHCHRning hisobotlarida qo'llanilgan metodologiyani "tubdan noto'g'ri" deb atadi. U idoraning "ishonchsiz manbalarga" tayanishini tanqid qildi va sog'liqni saqlash markazlariga qilingan hujumlarni Falastin qurolli guruhları tomonidan foydalanilayotgani asosida oqladi.
"Tibbiyot muassasalaridagi Xamas terror faoliyati haqida ko'plab dalillar mavjud, - dedi vakolatxona. - Xamas o'z tunnel tizimi va infratuzilmasini strategiya sifatida tibbiyot muassasalari hududiga joylashtirgani va ularni qurol-yarog' ombori hamda operativlar uchun shtab sifatida ishlatishi bor gap".
BMT idorasiga ko’ra, 2023-yil noyabrda Al-Shifo tibbiyot majmuasi va G'azo shahridagi boshqa shifoxonalardan boshlab, Isroil harbiy kuchlari yer usti operatsiyalarini o'tkazgan har bir hududda shifoxonalarga hujumlar bo'lgan.
Hujumlar bugungi kungacha davom etmoqda. Hisobotda ta'kidlanishicha, "O'tgan juma kuni Kamal Advan shifoxonasiga Isroil harbiy kuchlarining hujumlari natijasida yetkazilgan dahshatli vayronalar Shimoliy G'azo aholisini deyarli to'liq tegishli tibbiy yordamdan mahrum qilgan".
Kamal Advan shifoxonasiga hujumga munosabat bildirgan BMTning Gumanitar masalalar muvofiqlashtirish idorasi dushanba kuni G'azo mintaqasi bo'ylab davom etayotgan hujumlar va Kamal Advan shifoxonasiga aviazarbadan xavotirda ekanligini bildirdi. U "odamlarning yashab qolish imkoniyatlari parchalanmoqda", deb ogohlantirdi.
Jahon sog'liqni saqlash tashkilotiga ko'ra, G'azodagi 36 ta shifoxonadan 15 tasi "qisman ishlamoqda", to'qqiztasi janubda va oltitasi shimolda.
"Sog'liqni saqlash tizimi jiddiy tahdid ostida, - dedi JSST bosh direktori Tedros Adhanan. - G'azodagi shifoxonalar yana jang maydoniga aylandi".
OHCHR hisobotida aniqlashicha, tobora cheklangan sog'liqni saqlash tizimi jarohatlanganlarning ko'pchiligiga o'z vaqtida va ehtimol hayotni saqlab qoluvchi muolaja olishiga to'sqinlik qilmoqda. Hisobotda aytilishicha, G'azodagi shifoxonalarga hujumlar "dastlab o'limga olib kelmaydigan holatlar"dagi bemorlar uchun ham jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda, chunki bu holatlar "o'limga olib kelishi mumkin".
"Ayollar, ayniqsa homilador ayollar, jiddiy aziyat chekmoqda. Ko'p ayollar tug'ruqdan oldingi va keyingi parvarishsiz yoki minimal parvarish bilan tug'moqda, bu ona va bola o'limining xavfini oshirmoqda," deyiladi unda. Shuningdek, buyrak yetishmovchiligi, qon bosimi, qandli diabet va yurak kasalligi kabi surunkali kasalliklar bilan og'rigan odamlar ham davolanish imkoniyatini yo'qotgan; "bu ularni sog'lig'ining yomonlashuvi va o'lim xavfi ostida qoldirmoqda".
Hisobot mualliflari aytishicha, "Harbiy maqsadlar bo'lmagan taqdirda, kasallar va yaradorlar davolanayotgan shifoxonalar va joylarga qasddan hujum qilish va qasddan nomutanosib hujumlar uyushtirish - urush jinoyatlaridir".
Unda qo'shimcha qilinishicha, "Ma'lum sharoitlarda, sog'liqni saqlash muassasalarini qasddan yo'q qilish jamoaviy jazolash shakli bo'lishi mumkin, bu ham urush jinoyati hisoblanadi".
Inson huquqlari bo'yicha rahbar Turk barcha bu hodisalarning mustaqil, puxta va shaffof tekshiruvlarini hamda "xalqaro gumanitar va inson huquqlari qonunlarining barcha buzilishlari uchun to'liq javobgarlik"ni talab qildi.
Bu murojatga javoban, Isroilning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi "Isroil davlati xalqaro qonunlarga sodiqligini tasdiqlaydi va har qanday g'ayrioddiy hodisalarni o'rnatilgan mexanizmlar orqali tekshirish va tergov qilishga sodiq qoladi" deb bildirdi.