Avstriyada sentrist kuchlar hukumat tuzishga kelisha olmaganidan so’ng Prezident Aleksandr Van der Bellen sentabr saylovida g’alaba qozongan millatchi “Ozodlik” partiyasining raisi Gerbert Kiklga koalitsion hukumat tuzish vazifasini yukladi.
Kikl Yevropa Ittifoqiga shubha bilan qarovchi, Rossiya bilan aloqalarni tiklashni targ’ib qiluvchi siyosatchidir.
Kikl koalitsion hukumat tuzish maqsadida shanba kuni iste’foga chiqqan bosh vazir Karl Nexammerning Xalq partiyasi bilan muzokara qilishi kerak bo’ladi.
Bir paytlar so’lchi yashillar partiyasini boshqargan va “Ozodlik” partiyasining tanqidchisi bo’lgan Van der Bellenning bu qarori ko’plarni hayratga soldi.
Bir guruh namoyishchilar prezident saroyi oldida to’planib, o’ng qanot ekstremist kuchlarning hokimiyatga kelishini istamasligini aytishdi.
“Ozodlik” partiyasiga 1950-yillarda Adolf Gitlerning SS xavfsizlik tashkilotida general lavozimida xizmat qilgan Anton Rayntxaller asos solgan.
Sentabr parlament saylovida partiya 29 foizdan ko’p ovoz to’pladi.
Nexammer Kikl bilan bir hukumatga kirmasligini aytib keladi. Biroq Xalq partiyasining muvaqqat raisi Kristian Stoker Kikl bilan muzokaraga tayyor ekanini bildirdi.