AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trump Yaqin Sharq bo’yicha maslahatchi lavozimiga o’zi bilan shaxsiy aloqalari mustahkam bo‘lgan ikki biznesmenni tanladi.
Donald Trump uzoq yillik do‘sti Stiven Vitkoffni Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili etib tayinladi. Nyu-Yorkda ko‘chmas mulk investori bo‘lgan Vitkoff muntazam ravishda Trumpning qayta saylanishi uchun targ‘ibot olib borgan.
Milliy xavfsizlik bo’yicha tahlilchi Ellison MakManus fikricha, bu yaqin aloqalar Vitkoffga mintaqada faoliyat yuritishda katta yordam beradi.
“Vitkoff mintaqaga safar qilib, xorijiy hamkorlar, davlat rahbarlari, vazirlik darajasidagi mulozimlar bilan uchrashishi kerak bo‘lgan holatlarda, u prezident nomidan gapirayotgan inson sifatida o‘ziga xos nufuzga ega bo’ladi. Bu esa unga bu kabi muloqotlarda katta vakolat beradi”, - deydi u.
O‘tgan yilning may oyida, Qatarga safari davomida Vitkoff iqtisodiy o‘sishni davlat va xususiy sektor hamkorligi orqali diversifikatsiya qilgani uchun Fors ko‘rfazi davlatini maqtagan edi.
“Men bu o‘zgarishlarni Qatarda his qilyapman. Ularning iqtisodiyoti avval petrokimyo va tabiiy gaz kabi sohalarga ko‘proq bog‘liq edi. Hozir esa ular iqtisodiyotni diversifikatsiya qilmoqda. Turizm rivojlanmoqda. Mehmonxonalar bu yerda ajoyib. Kim bu mintaqaga qaytishni xohlamaydi?” - deydi u.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Vitkoff AQSh qonunchiligiga muvofiq manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun Fors ko‘rfazi davlatlari bilan ayrim ko‘chmas mulk bitimlaridan voz kechishi mumkin.
“Bu juda katta xavotir uyg‘otadigan masala. Ayniqsa, biznes sohasi vakillarining o‘z shaxsiy manfaatlarini boyitishi va ayrim davlatlar, masalan, Fors ko‘rfazi davlatlari uchun qulay shartlarni kelishib olishi ehtimoli mavjud. Bu esa masalalarning ustuvorligi va manfaatlarga ta’sir qilishi mumkin”, - deydi MakManus.
Massad Bulos Trumpning arab va Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi bo‘lib xizmat qiladi. U prezident qizi Tiffanining qaynotasidir.
Asli livanlik Amerika biznesmeni Bulos ham Trumpning qayta saylanishi uchun kampaniya olib borib, Michigan shtatida arab-amerikalik saylovchilarni safarbar qilgan.
Bulos Nigeriyada yuk mashinalari va og‘ir texnika sotuvchi kompaniya rahbari.
U Livan shimolidagi Kfar Akka qishlog‘ida nasroniy oilada tug‘ilgan. Uning otasi qishloq hokimi bo‘lib ishlagan.
O‘tgan yilning oktabr oyida Bulos mintaqadagi mojarolar uni Livanga qaytishdan to‘xtatayotganini aytgan edi.
“O‘z yurtimga, vatanga, yillar davomida bormaganman. Juda qaytishni istayman. O‘z farzandlarimning ham Livanga borishini istayman. Bir vaqtlar Livan Yaqin Sharqning Shveysariyasi, Beyrut esa Yaqin Sharq Pariji deb tanilgan edi. Biz bu kunlar qaytishini xohlaymiz”, - deydi u.
Trumpning yangi Yaqin Sharq guruhi oldida katta sinovlar turibdi. Ularni Isroilning G‘azo va Yamandagi mojarolari, Eron yadro dasturining kengayishi, Suriyadagi yangi tartibsizliklar hamda Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasida munosabatlarni normallashtirish kabi qator masalalar kutmoqda.