AQSh Prezidenti Jo Bayden fikricha, mamlakatining Ukrainaga yordami Kiyevga Rossiya bilan urushni adolatli tugatishga qaratilgan muzokaralarda yordam beradi.
“Biz Ukraina mudofaasi uchun dunyoni birlashtirishga va shu bilan birga ikki yadroviy davlat o’rtasida urushga yo’l qo’ymalsikka muvaffaq bo’ldik”, - dedi u.
Tahlilchi Evelin Farkasning aytishicha, Bayden Rossiya bilan yadroviy to’qnashuv ehtimolini baholashda xato qilgan.
“Natijada bir qo’limizni orqamizda bog’liq ushlab turishga, ukrainaliklarni ham shunday qilishga majburlashga to’g’ri keldi”, - deydi Makkeyn instituti eksperti.
Rossiyaning keskin javobidan xavfsirash, ayrim mutaxassislar nazarida, Vashingtonni Ukrainaga qudratliroq qurollarni yuborishdan to’xtatdi. Shu bilan birga, Kongressdagi respublikachi qonunchilarning bir qismi Baydenni Ukraina uchun haddan ziyod pul sarflaganlikda aybladi.
Rossiya Ukrainaga qo’shin tortganidan beri Qo’shma Shtatlar Kiyevga 66 milliard dollardan oshiq miqdorda yordam ko’rsatdi. Bayden ma’muriyati Kongress tasdiqlagan salkam 4 milliard dollarni sarflashga ulgurmadi.
“Agar keyingi ma’muriyat Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etsa, bu puldan foydalanishi mumkin”, - deydi Milliy xavfsizlik kengashidan Mayk Karpenter.
Yana 5 kundan keyin Oq uyga kiruvchi Donald Tramp urushni tezroq to’xtatish va unga ketayotgan pulni AQSh ehtiyojlari uchun sarflash zaruratiga urg’u beradi.
“Prezident Putin uchrashish istagini bildirdi. Bu haqda ochiq gapirdi. Bu urushga yakun yasashimiz kerak”, - deydi Tramp.
Bayden Ukrainaga keragicha yordam berishni va’da qilgan, biroq Tramp o’zgacha siyosat yuritishi mumkin.
“Jangovar harakatlarga barham berish, kelishuvga erishish, murosa qildirish, dunyo tartibini belgilash yangi ma’muriyat siyosatidan o’rin olishi aniq”, - deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasidan Kristin Berzina.
Yevropa siyosatchilari Tramp tinchlik uchun Ukrainani Rossiya nazoratiga o’tgan hududlardan voz kechishga majburlashidan xavotirda.