26-yanvar kuni Belarusda prezident saylovi o’tkazildi. Mamlakatni 1994-yildan beri boshqarayotgan Aleksandr Lukashenko 86,8 foiz ovoz bilan yana bir muddatga saylandi. Oldingi saylov natijalarining birortasini tan olmagan Yevropa saylov yana bir siyosiy tomosha bo’lganini bildirmoqda.
“Bu saylovlar katta ehtimol bilan mutlaqo tinch va osoyishta o'tadi. Lukashenko yana 87 yoki undan ko’p foiz ovoz bilan g’alaba qozonadi deya taxmin qilaman”, - dedi saylovdan oldin Germaniyaning Saarland universitetidan Aleksandr Fridmen.
Belarus Markaziy saylov komissiyasi saylovda qatnashmoqchi bo’lgan bir necha nomzodning arizasini rad etgan.
“Saylovdan oldin e’tiborga loyiq hech narsa bo’layotgani yo’q. Belarusda qatag’onlar hali ham davom etyapti, hatto yomonlashyapti”, - deydi Birlashgan Qirollikda joylashgan Vorvik universitetidan Ro’za Turarbekova.
Lukashenko hukumati 2020-yil saylovidan norozilik bildirib ommaviy namoyishlarda qatnashgan odamlarni hibsga olgan, ba’zilarini qamagan, prezidentlikka nomzod ayol mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan.
G’arb davlatlari Belarusga takror sanksiyalar qo’ydi, uni qonuniy prezident deb hisoblamaydi.
Lukashenko tuzumini Kreml himoya qilmoqda, buning evaziga Minsk o’z hududida Rossiyaga qo’shin va qurol joylashtirishga ruxsat berdi.
“Lukashenko hamisha o’zini mamlakatidan ustun qo’yib kelgan. Putin esa bundan foydalanib, uni o’ziga tobe qilib qo’ydi. Lukashenko Putinning birorta gapini qaytara olmaydi”, - deydi Turarbekova.
2020-yil namoyishlaridan so’ng hukumat mamlakatdagi nodavlat va deyarli barcha mustaqil matbuot organlarini yopgan, ko’p jurnalist hibsga olindi, sudga tortildi, mamlakatdan qochdi.