Breaking News

Hisobot: Xitoy uyg'urlar safarini cheklamoqda


Yangi hisobotida “Human Rights Watch” (HRW) tashkiloti Xitoy hukumatining xorijga safar qilish yoki Shinjon mintaqasida yashayotgan oila a’zolarinikiga borishni istagan uyg‘urlarga nisbatan qattiq cheklovlarni davom ettirayotganini ta’kidladi. Nyu-Yorkda joylashgan inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, bunday cheklovlar uyg‘urlarning erkin harakatlanish huquqini poymol qilmoqda.

Hisobotga ko‘ra, 2016-yildan buyon uyg‘urlarning pasportlarini ommaviy musodara qilish hollari keng tarqalgan bo‘lsa-da, hozir ayrim uyg‘urlarga pasport olish va qisqa muddatga oila a’zolari bilan uchrashish imkoniyati berilayotgani ma’lum bir “yaxshilanish”dan darak beradi. Shunga qaramay, “Human Rights Watch”ning Xitoy bo‘yicha tadqiqotchisi Yalkun Uluyol so‘zlariga ko‘ra, “Xitoy hukumati uyg‘urlarning xorijga chiqish huquqini inkor qilishda davom etmoqda; chet elda bo‘lganlarida ularning nutqi va faoliyatini cheklab, shuningdek, xorij bilan aloqasi borlarni jazolamoqda”.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda Uluyol, Pekin uyg‘urlar ustidan nazoratni mustahkamlash maqsadida safar cheklovlaridan foydalanayotganini va bu bilan “Shinjon hududida ham, xorijda ham me’yordagi ahvol tasvirini namoyish qilishga” intilayotganini aytdi.

“Amnesty International” tashkilotiga ko‘ra, 2017-yildan beri Xitoyda bir milliondan ortiq uyg‘ur turli “qayta tarbiyalash lagerlari”ga majburan jo‘natilgan. 2022-yilda BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Xitoy hukumatining Shinjondagi etnik ozchiliklarga nisbatan tutgan siyosati “insoniyatga qarshi jinoyat” sifatida ko‘rib chiqilishi mumkinligini bildirgan edi.

Avvalgi Tramp ma’muriyati ham, sobiq Prezident Jo Bayden ma’muriyati ham Xitoyning uyg‘urlarga nisbatan munosabatidan xavotir bildirgan, Shinjonda ro‘y berayotgan voqealarni genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar deya ta’riflagan.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Senat a’zosi sifatida Uyg‘urlar majburiy mehnatining oldini olish to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi va ijro etilishida muhim rol o‘ynagan shaxslardan biri bo‘lgan.

“Human Rights Watch” hisobotida ta’kidlashicha, Xitoydagi uyg‘urlar xorijga chiqish uchun mahalliy hukumat organlariga safarning maqsadi, xorijdagi oila a’zolarining shaxsiy ma’lumotlari kabi juda batafsil ma’lumotlar taqdim etishi shart. Safarga ruxsat berilganlar odatda chet elda siyosiy yoki jamoatchilik faolligi bilan shug‘ullanmasligi kerak va belgilangan muddatda, ya’ni bir necha kun yoki oy ichida Xitoyga qaytishi lozim.

Hisobotda ayrim uyg‘urlar mahalliy rasmiylar ularga “har bir oiladan faqat bitta kishi” bir vaqtning o‘zida safarga chiqishi mumkinligini aytishganini so‘zlab bergan. Boshqalari esa safarga ruxsat olish uchun “kafil” topishi kerak bo‘lganini bildirgan. Agar cheklovlarga bo‘ysunilmasa yoki shartlar buzilsa, uyda qolgan oila a’zolari yoki kafillar keskin jazo choralariga duch kelishi mumkinligi aytiladi.

Shuningdek, safar vaqtida uyg‘urlar doimiy ravishda o‘z tumanidagi rasmiylar bilan aloqada bo‘lib turishi lozim, qaytib kelgach esa pasportlari musodara qilinadi. “Human Rights Watch”ga bir uyg‘ur: “Otam qaytib kelgach, mahalla qo‘mitasi, mahalliy militsiya bo‘limi va jamoat xavfsizligi byurosidan xodimlar kelishdi. Ular kim bilan uchrashgani, qayerga borganligi, odamlarga nimani gapirganini so‘rashdi”, — deb aytgan.

Rasmiylar tashkillashtirgan Shinjonga safarlar

Xitoy hukumati uyg‘urlarning xorijga chiqishini qat’iy nazorat qilish bilan birga, chet eldagi uyg‘urlarning ham Shinjonda oila a’zolari bilan uchrashishida keskin shartlar qo‘yayotgani qayd etiladi. Hisobotda yozilishicha, chet el pasportiga ega uyg‘urlar avvalo Shinjon mintaqasidagi mahalliy hokimiyat idoralaridan ruxsat olish uchun qattiq tekshiruvlardan o‘tishi kerak. Xitoyga kirib kelganlaridan keyin ular qayta-qayta so‘roq qilinadi va qarindoshlarinikida emas, faqat mehmonxonalarda qolishlariga ruxsat beriladi.

Ba’zi hollarda Xitoy elchixonalari chet eldagi uyg‘urlarga Shinjonga mahalliy Kommunistik partiyaning targ‘ibot bo‘limi tashkillashtirgan rasmiy sayohat guruhlariga qo‘shilishni talab qiladi. Norvegiyada yashaydigan uyg‘ur tilshunosi va faoli Abduveli Ayupning aytishicha, 2019-yildan beri Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi Xitoy muhojirlari uyushmalari orqali shunday sayohatlar taklif etilmoqda.

“Turkiyada bunday targ‘ibot safarlarini o‘tkazishga ixtisoslashgan to‘rtta Xitoy muhojirlar uyushmasi o‘zaro raqobat qiladi”, — deydi Ayup.

Hisobotda yozilishicha, Xitoyga kirishdan avval uyg‘urlar pasport nusxasi va shaxsiy ma’lumotlarining to‘liq ko‘chirmasini topshirishi kerak. Shinjonga yetib borgach, ular rasmiylar tomonidan doimiy nazorat ostiga olinib, qat’iy cheklovlar bilan yuzlashadi.

Bundan tashqari, Xitoydagi mahalliy rasmiylar uyg‘urlardan “partiya siyosatini maqtash” kabi targ‘ibot tadbirlarida qatnashishni talab qiladi. “Human Rights Watch”ga ismi oshkor etilmagan bir uyg‘ur shunday deydi:

“Men hammasi oldindan rejalashtirilganini tushundim. Politsiya bizni kuzatib yurdi, oilamning uyida qolishim uchun ham mahalla qo‘mitasi va mahalliy militsiyadan alohida ruxsat olishga majbur bo‘ldim.”

Uluyolning aytishicha, Xitoy hukumati diaspora safarlarini shunchalik qat’iy shartlar bilan cheklab, chet eldagi uyg‘urlarni ham o‘z nazoratida ushlab turishga urinadi. Natijada diaspora a’zolari “o‘z-o‘zini senzura qilish”ga, siyosiy faoliyatdan yoki farzandlarini uyg‘ur maktablariga yuborishdan tiyilishga majbur bo‘ladi. Bu esa diasporada o‘zaro ishonchsizlikni kuchaytirib, hamjamiyatning yanada bo‘linishiga olib kelishi mumkin.

2022-yildan beri Xitoy hukumati xorijiy davlatlar vakillari uchun bir qancha Shinjonga tashriflar uyushtirdi. 2024-yil oktabr oyida bir guruh islom davlatlari delegatlari ishtirokidagi safar davomida, Xitoyning “China Daily” gazetasi mehmonlar “Shinjonning ijtimoiy barqarorligi, totuvligi va birgalikda rivojlanishidan qoyil qolganini” xabar qilgan edi.

Xitoyning uyg‘urlar safariga oid cheklovlari o‘zgarmasdan qolishi ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlagan Uluyol, chet davlatlar “o‘z fuqarolari va rezidentlarini Xitoy tahdididan himoya qilishi” kerakligini, BMT kabi xalqaro tashkilotlar esa bu masalani jahon miqyosida ko‘tarishga harakat qilishi lozimligini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG