Breaking News

Demokrat qonunchilar Trampning USAIDni yopish harakatiga qarshi chiqmoqda


AQSh Kongressidagi demokrat qonunchilar Prezident Donald Trampning AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi kabi davlat idoralarini isloh qilish harakatlariga to’siq qo’yishini bildirmoqda. Tramp ko’p davlat dasturlari maqsadsiz ekanini aytarkan, isrofgarchilikka qarshi kurash doirasida federal hukumat hajmini kichraytirmoqchi, bunday dasturlarni yopmoqchi.

Xalqaro hayot - 6-fevral, 2025-yil - Oq uy Trampning G’azo kelajagiga doir rejasini tushuntirmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:04 0:00

AQSh tashqi yordami tufayli Amazon tropik o’rmonlarini muhofaza qilish, roxinjalik qochqinlarga yordam berish, urushdan qochgan ukrainaliklarni uy-joy bilan ta’minlash imkoni bor edi. Biroq Prezident Donald Tramp tashqi yordamni 90 kunga muzlatishga qaror qilishi ketidan ushbu yordam hisobiga faoliyat yuritayotgan dasturlar to’xtab qoldi.

Kongressdagi demokrat qonunchilar Oq uyning bu siyosatiga norozilik bildirmoqda.

"Hokimiyat bo’linishi tamoyilining buzilish holatlariga, Amerika Qo’shma Shtatlari Konstitutsiyasining poymol etilish holatlariga qarshi kurashamiz. Jim turmaymiz. Kurashamiz”, - deydi demokrat senator Kori Buker.

Bungacha mustaqil agentlik bo’lgan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi Davlat kotibi Marko Rubio boshqaruviga o’tkazildi, idoraning deyarli barcha xodimlari ta’tilga chiqarildi.

“Dunyoning eng qudratli insoni Donald Tramp va eng boy insoni Ilon Mask dunyodagi eng qashshoq erkak va ayollarning pullari va ovqatini olib qo’yapti”, - deydi Vakillar palatasining demokrat a’zosi Jonatan Jekson.

Kongressdagi respublikachilarga ko’ra, Tramp davlat idoralari faoliyatini qayta ko’rib chiqish maqsadida prezident vakolatidan foydalanmoqda va sarfiyatlarni qisqartirish vazifasini Davlat samaradorligini oshirish departamentiga rahbar etib tayinlangan tadbirkor Ilon Mask orqali amalga oshirmoqda.

“Agentlik yopiladi deb o’ylamayman. Biroq uning byudjetini qayta ko’rib chiqishga, pul taqsimlash qarorlari qanday qabul qilinayotganini, qanday ustuvor loyihalar moliyalanayotganini bilishga Trampning haqqi bor. Har bir ma’muriyat shunday qiladi. Agentlikning ko’p dasturlarini moliyalashga qaror qilishadi. Ayrim dasturlar maqsadga muvofiq ishlaydi, ba’zilari esa unday emas”, - deydi Senatda ko’pchilik sardori Jon Tyun.

Tahlilchi Kler Finkelshtayn buni AQSh uchun misli ko’rilmagan vaziyat deb ataydi.

“Aytish mumkinki, Kongress qaroriga ko’ra yaratiladigan, tugatiladigan va pul beriladigan agentliklarni yopish ijro etuvchi hokimiyat tomonidan hokimiyatni ajratish tamoyilining yaqqol buzilish holatidir. Garchi bu pulni qanday sarflash va agentlik faoliyatini qanday yuritish ijro etuvchi hokimiyat ixtiyorida bo’lsa-da”, - deydi Pensilvaniya universitetining professori.

Senatda ozchilik sardori Chak Shumer firib va suiiste’mol qilish holatlariga qarshi harakatlarni qo’llab-quvvatlashini aytarkan, jarayonning tez va maxfiy o’kazilishidan xavotir bildirdi.

“Departamentning qilayotgani ishini demokratik deb bo’lmaydi. Demokratiya qanday bo’lishini bilamiz. U yuzini yashirmaydi, maxfiy emas”, - deydi Shumer.

Demokratlar USAIDdagi o’zgarishlarga nisbatan noroziligini Tramp mahkamasiga tayinlangan amaldorlar nomzodiga hamda yangi davlat byudjetiga ovoz berish jarayonini paysalga solish orqali bildirmoqchi.

Davlat kotibi Rubioga ko’ra, USAIDning xorijdagi idoralarida ishlayotgan minglab xodimlari mamlakatga chaqirtiriladi, ammo Tramp ma’muriyati Amerika manfaatlari uchun muhim deb bilgan dasturlar faoliyati davom ettiriladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG