AQShning Oklaxoma shtatida qonunchilar maktab o‘quvchilari va ota-onalarining immigratsion maqomi haqida ma’lumot to‘plash rejasini ko‘rib chiqmoqda. Ba’zi mahalliy maktab ma’murlari bu qoidani bajarishdan bosh tortishini aytmoqda.
Oklaxoma shtati maktablar boshqaruvchisi Rayn Uolters taklif qilgan qoidaga ko‘ra, maktabda ro‘yxatga olish jarayonida ota-onalar va o‘quvchilarning immigratsion maqomi qayd etilishi kerak.
“Noqonuniy immigratsiyani hisobga olish qoidamiz shundan iborat. U maktablarimizda qancha noqonuniy immigrant o‘quvchi borligini aniqlashni nazarda tutadi”, - deydi u.
Uoltersning aytishicha, so‘nggi to‘rt yil ichida Oklaxoma shtati hujjatsiz muhojirlarning farzandlarini o‘qitish uchun 470 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.
“Bu mablag‘ va resurslar o‘quv yilining o‘zidan olinib, ushbu o‘quvchilarning ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilmoqda. Biz esa bunday raqamlar haqida ilgari aniq ma’lumotga ega emas edik”, - deydi u.
Oklaxoma qonunchilari ushbu yangi qoidani muhokama qilmoqda. Bu tartib hujjatsiz muhojirlarga jamoat maktablarida o‘qish taqiqlanmasligini, faqat ularning soni qayd etilishini nazarda tutadi.
Samira Izaguirre 20 yillar avval Meksikadan AQShga kelgan. U qonuniy muhojir va olti farzandning onasi. Uning fikricha, bu yangi qoida natijasida hujjatsiz bolalar maktabga bormasligi mumkin.
“Bolalar siyosatdan chetda bo‘lishi kerak”, - deydi u.
Talsa shahridagi maktablar ma’muriyati ota-onalarga bu yangi qoidaga rioya qilmasliklarini bildirdi.
Maktab okrugi vakili Kristofer Peyn bayonotida Oliy sudning 1982-yilgi qarori eslatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, barcha bolalar immigratsion maqomidan qat’i nazar, jamoat maktablarida ta’lim olish huquqiga ega.
Oklaxomalik o‘qituvchi Fernando Bakuera yangi tartibning oqibatlaridan xavotirda.
“O‘quvchilarga qo‘rquv solish va ularni Konstitutsiyamizga ko‘ra barcha uchun tekin bo‘lgan ta’limdan chetlatish adolatdan emas”, - deydi u.
Biroq Todd Hyuston uchun yangi qaror mantiqan to‘g‘ri ko‘rinadi.
“Rayn Uolters taklif qilayotgan narsa juda mantiqli va adolatli. Bu maktablarga qanday resurslar ajratish kerakligini yaxshiroq tushunishga yordam beradi”, - deydi u.
Uoltersning taklifi ba’zi ota-onalarning xavotirlarini aks ettiradi, deydi Talsa maktab kengashi a’zosi Elena Eshli.
“U ba’zan boshqalar aytishga jur’at etmaydigan haqiqatlarni aytadi. Ota-onalar farzandlari xavfsiz ekanligini bilishni va ular sinflarda to‘g‘ri ta’lim olishini xohlaydi”, - deydi Eshli.
Uoltersning aytishicha, maktab immigratsiya ma’lumotlarini, qonunga ko‘ra, tegishli idoralar bilan baham ko’radi.
“Agar huquqni muhofaza qilish organlari bu ma’lumotlarni so‘rasa, biz qonuniy ravishda ularni taqdim etishga majburmiz”, - deydi u.
Shtat maktab kengashi yangi immigratsiya qoidasini qonunchilik organiga taqdim etish uchun ovoz berganidan so‘ng, Oklaxoma gubernatori Kevin Stitt uch nafar kengash a’zosini lavozimidan chetlatdi. U bunga sabab qilib milliy test natijalarining pastligi va “ortiqcha siyosiy mojarolar”ni ko‘rsatdi.