AQSh va Ukraina nodir yer minerallariga doir shartnomani imzolashga tayyor ekanini bildirmoqda. Prezident Donald Tramp Ukraina rahbari shu maqsadda juma kuni Vashingtonga kelishini ma’lum qildi.
“U juma kuni kelayotgani haqida eshitdim. Albatta, istasa, kelaversin, men bilan imzolagisi kelayotgndir. Tushunaman, bu katta ish”, - deydi Tramp.
Xabarlarga ko’ra, AQSh tarafi Ukrainaning nodir yer minerallariga doir bitim shartlarini yumshatishga rozi bo’lgan.
Rejaga muvofiq, Ukraina va AQSh sarmoya jamg’armasini tuzib, minerallar, neft va gaz savdosidan tushgan daromadning 50 foizi jamg’armaga qo’yiladi. Kiyev kelishuvda xavfsizlik kafolatlari bo’lmasa, uni imzolamasligini bildirmoqda.
Tramp Ukraina va Rossiya o’rtasida otashkesim bo’yicha shartnomaga kelishilsa, Ukrainaga tinchlikparvar qo’shinlar kiritilishi haqida so’zladi. Biroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kreml yevropalik qo’shinlarning Ukrainaga qadam bosishiga ko’nmasligini bildirdi.
Payshanba kuni AQSh va Rossiya diplomatlari Istanbulda ko’rishib, diplomatik vakolatxonalari faoliyatini tiklash haqida gaplashishi kutilmoqda.
Rossiyaning o’tgan yil oktabridan beri Vashingtonda elchisi yo’q.
Ukrainada qanday nodir yer minerallari bor?
Nodir yer minerallariga grafit, nikel, litiy kabi 17 xil metal kiradi. Ular elektr avtomobillar, uyali telefonlar, raketa tizimlari, boshqa turdagi elektronika mahsulotlarini ishlab chiqarishda muhim komponent hisoblanadi.
Xitoy bunday metallarni qazishda dunyoda birinchi o’rinda turadi.
"Ularni odatda ushbu sanoatning vitaminlari yoki ziravorlari deb atashadi. Ular yordamida so’nggi yillarda materialshunoslik sohasidagi yutuqlar texnologiyalarimizga kichikroq, tezroq va pishiqroq bo’lish imkoniyatini berdi”, - deydi geograf Juli Mishel Klinger.
AQSh Geologiya xizmati 50 ta turdagi minerallarni, jumladan noyob yer elementlarini mudofaa sanoati, yuqori texnologiyali texnikani ishlab chiqarishda, aerokosmik va yashil energiya sanoatlari uchun muhim deb biladi.
Ukrainada televizorlar va yoritish moslamalarini ishlab chiqarishda zarur lantan va seriy, shamol turbinalari va elektrobatareyalar ishlab chiqarishda foydalaniladigan neodim, yadroviy energetikadan tortib lazerlargacha qo’llaniladigan erbiy va ittriy elementlari mavjud. Litiy esa batareya, keramika, oyna ishlab chiqarishda muhim komponentdir.
Dunyodagi grafit zaxiralarining beshdan biri ham Ukrainada.
“Amerika iqtisodiyoti Xitoy manbalariga qattiq bog’langani va Tramp buni AQSh iqtisodiy va milliy xavfsizligiga tahdid deb bilgani uchun nodir yer minerallarini Ukrainadan olmoqchi”, - deydi Germaniyaning Xemnits texnologiya universiteti olimi Jakob Kullik.
Biroq aytish joiz, Ukraina metal resurslarining 40 foizi ayni paytda Rossiya bosib olgan hududlarda joylashgan.