AQSh Prezidenti Donald Trump 30 000 nafar hujjatsiz migrantni Kubadagi AQSh harbiy bazasi – Guantanamoga jo‘natishni rejalashtirmoqda. 11-sentabr xurujlaridan keyin terrorchilikda gumon qilingan shaxslar saqlanadigan joy sifatida tanilgan bu baza inson huquqlari tashkilotlarining keskin tanqidiga uchragan. Biroq Guantanamo AQShga yetib kelishga uringan muhojirlarni, asosan, Gaiti va Kubadan kelganlarni saqlash markazi sifatida ham ishlatilgan. Guantanamodagi Migrantlar markazi yuqori darajada qo‘riqlanadigan qamoqxonadan alohida bo‘lsa-da, faollar diqqat markazida bo’lib kelmoqda.
AQSh Prezidenti Donald Trump deportatsiyalarni keskin oshirish bo’yicha bergan va’dalari doirasida hujjatsiz muhojirlarni Kubadagi AQSh harbiy bazasi – Guantanamoga jo‘natdi.
“Guantanamoda amerikaliklar xavfsizligiga tahdid solayotgan eng xavfli noqonuniy jinoyatchi muhojirlarni ushlab turish uchun 30 000 o’rinli joyimiz bor. Ayrimlari shunchalik xavfliki, hatto ularni o‘z mamlakatlariga topshirishga ham ishonmaymiz”, - dedi Tramp.
Bu bayonot inson huquqlari tashkilotlari tomonidan keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Kubadagi harbiy baza muhojirlarni ushlab turish uchun birinchi marta ishlatilayotgani yo‘q.
Ko‘pchilik Guantanamoni 2001-yil 11-sentabr hujumlariga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslar, jumladan, ushbu hujumlarni rejalashtirgani aytiladigan Xolid Shayx Muhammad saqlangan joy sifatida biladi. Tanqidchilar fikricha, bu yer inson huquqlari jiddiy ravishda buzilgan maskanlardan biridir.
Kamroq ma’lum bo‘lgan haqiqat shuki, AQSh o‘nlab yillardan beri Guantanamoda qamoqxonadan alohida joylashgan migrantlarni saqlash markazini ham yuritib keladi.
Bu jarayon 1991-yilda boshlangan bo‘lib, o‘sha paytda minglab gaitiiliklar zo‘ravon davlat to‘ntarishidan keyin AQShga qochishga uringan edi.
Prezident Jorj Bush ma’muriyati ba’zi qochqinlarning boshpana so‘rovlari ko‘rib chiqilguncha ularni Guantanamoda saqlash uchun lager tashkil qilgan.
AQShda siyosiy boshpana izlagan minglab kubaliklar va boshqa millat vakillari ham dengizda ushlanib, vaqtincha ushbu markazga joylashtirilgan.
1999-yilda AQSh Bolqon urushi tufayli qochishga majbur bo‘lgan 20 000 nafar qochqinni Guantanamoda joylashtirish variantini ko‘rib chiqqan, biroq bu g‘oya masofaning uzoqligi sabab bekor qilingan.
So‘nggi yillarda Bayden ma’muriyati gaitilik muhojirlarning yangi to’lqinini Guantanamoga joylash rejasi ustida o‘ylagan, ammo bu fikr amalga oshirilmagan.
Guantanamodagi terrorchilikda gumon qilinuvchilar uchun mo‘ljallangan qamoq kabi, uning migrantlar uchun ajratilgan bo‘limi ham noinsoniy va noqonuniy sharoitlar haqida shikoyatlarni o’rtaga chiqargan.
Xalqaro Qochqinlarga yordam loyihasi hisobotlarida uzoq muddatli hibsda saqlash, huquqiy jarayonlarning yo‘qligi, ichishga yaroqsiz suv, yetarli tibbiy yordamning mavjud emasligi va ochiq kanalizatsiya kabi muammolar qayd etilgan.
Bugungi kunda Guantanamoda 15 nafar mahbus saqlanmoqda; shuningdek, Migrantlar markazida, asosan, gaitilik va kubalik qochqinlardan iborat kichik bir guruh bor. Bu yerga 30 000 hujjatsiz muhojirni joylashtirish rejasi AQSh immigratsiya siyosatida sezilarli o‘zgarish bo‘lishi mumkin.
AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem yangi kelayotgan muhojirlar uchun “adolatli huquqiy jarayon ta’minlanishini” aytgan bo‘lsa-da, tanqidchilar Guantanamoda muhojirlarni saqlash oldingi yillardagi inson huquqlari buzilishlari takrorlanishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Hozirgacha Texasdagi immigratsiya markazidan 175 dan ortiq erkak ushbu bazaga ko‘chirilgan.