Rossiyada “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining rahbari Yevgeniy Prigojin va safdoshlarining o’limiga olib kelgan aviahalokat sabablari tergov qilinmoqda. Prigojin o’tirgan samolyotda uning yordamchisi Valeriy Chekalov va “Vagner” qo’mondoni Dmitry Utkin hamda yana 7 kishi bo'lgan.
Ba’zi kuzatuvchilar samolyotning qulashiga unga o’rnatilgan portlovchi modda sabab bo’lgan desa, boshqalar nazarida, uni raketa urib tushirgan.
“AQSh va Yevropa razvedka agentliklari samolyotga raketa tekganiga ishora qilishmoqda. Gap Rossiya havo mudofaasi batareyasining ishi yoki xatosi haqida ketmoqda. Hujumga buyruq berilgan, ya’ni bu qotillik”, - deydi Irlandiyaning Dublin universiteti kollejidan Skot Lukas.
G’arb matbuoti nazarida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shu tariqa ikki oy oldin Moskvaga yurish qilgan Prigojinni isyon uchun jazolagan.
“Shundan roppa-rosa ikki oy o’tgani ramziy ma’noga ega. Eng boshidan “Prigojinning kuni bitdi” deganman. U Kremlning eng asosiy qoidasiga xilof ish tutdi – rahbarga itoatsizlik qildi. Ikki oy oldingi voqea Putin sha’niga dog’ tushirdi, shu sabab aviahalokat kutilgan edi”, - deydi AQShning Midl Tenessi davlat universitetida Rossiya bo’yicha ekspert Andrey Korobkov.
Skot Lukasning aytishicha, Putin bu bilan hammaga ogohlantirish berdi.
“Bu Rossiya elitasiga aloqador odamlar – harbiylar, siyosatchilar, iqtisodiy elitaga o’ziga yarasha signal bo’ldi. “Menga qarshi chiqsangiz, oxir-oqibat jazolanasiz” degan signal”, - deydi u.
Korobkov Prigojinning o’limi Rossiyaning Ukrainadagi amaliyotiga salbiy ta’sir qilishini aytadi.
“Prigojin o’zini mohir menejer va qo’mondon sifatida namoyish etdi. Bundan keyin “Vagner” ustidan nazorat kuchayadi, qo’mondonlaridan sodiqlik talab qilinadi, ammo bu vagnerchilar va ularning tizimlari samaradorligiga salbiy ta’sir qilibgina qolmay, ular ustidan nazoratning yo’qolishiga ham olib keladi”, - deydi olim.
Putin aviahalokat qurbonlari oilalariga hamdardlik bildirib, Prigojinni “iste’dodli, ammo jiddiy xatolarga yo’l qo’ygan odam” deb atadi.
Kreml Prigojinni yo’q qilishni Putin buyurgani haqidagi da’volarning safsata ekanini bildirgan holda Prigojinning o’limini tasdiqlashdan bosh tortdi, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov tergov va tekshiruv natijalarini kutishni tavsiya qildi.
Ba’zilar “Vagner” asoschisining o’limiga G’arb razvedkasi aloqador ekanini bildirmoqda, yana kimdir buning sahnalashtirilgan tomosha ekaniga ishora qiladi.