Mayami uysizlar inqiroziga qarshi qanday kurashmoqda?

  • Amerika Ovozi

Bu yil AQShda uysizlar soni 18,1% ga oshdi, bu asosan arzon uy-joylar yetishmovchiligi bilan bog‘liq. Florida shtatining Mayami shahri ham bu muammodan xoli emas.

Federal rasmiylarning ta'kidlashicha, uy-joy narxlarining oshishi bilan bir qatorda, tabiiy ofatlar va mamlakatning bir qancha hududlariga immigrantlar oqimining ko‘payishi ham Mayamida uysizlar sonining oshishiga sabab bo‘lgan.

AQShning Uy-joy va shahar rivojlanishi departamenti (HUD) mamlakat bo‘ylab o‘tkazgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 770 000 dan ortiq uysizlar aniqlangan. Ushbu raqam o‘z uyi bo‘lmagani sababli vaqtincha do‘stlari yoki qarindoshlari bilan yashayotganlarni o‘z ichiga olmaydi.

Bu o‘sish 2023-yilda qayd etilgan 12 foizlik uysizlar soniga qo‘shimcha hisoblanadi. HUD ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘sish yuqori ijara narxlari va ayrim yordam dasturlarining tugatilishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, birinchi marta uysiz bo‘lganlar sonining o‘sishi bu muammoning jiddiyligini yanada oshirgan.

Bu mamlakatda har 10 000 aholiga 23 nafar uysiz to‘g‘ri kelishini anglatadi.

Hisobotda irqiy tengsizlik ham ochib berilgan: afro-amerikaliklar AQSh aholisi umumiy sonining atigi 12 foizini tashkil etadi, biroq ular uysizlarning 32 foizini tashkil qiladi. Bundan tashqari, mamlakatdagi afro-amerikaliklarning 21 foizi qashshoqlikda yashamoqda.

Muammoga qarshi kurashayotgan faollar

“So‘nggi ikki yil ichida ko‘plab odamlar uylaridan chiqarib yuborildi, bizga ogohlantirish xati olgan insonlardan juda ko‘p murojaatlar bo‘lmoqda. Hech qachon bu qadar ko‘p uysiz qariyalar bo‘lmagan, ular 940 dollar maosh olishadi, ammo kvartira ijarasi kamida 1500 dollarni tashkil etadi”, – deydi “Hermanos de la Calle” (Ko‘cha birodarlari) tashkiloti hammuassisi Mariya Legarre.

Buni ham ko'ring Kaliforniya uysizlik muammosiga qanday yechimlar taklif qilmoqda?

U har qanday kutilmagan hodisada “har kim ko‘chada qolib ketishi mumkin” degan fikrda.

Uning fikricha, AQShda uysizlarga yordam berishga qaratilgan loyihalarni xususiy sektor va barcha darajadagi davlat idoralari faol ravishda qo‘llab-quvvatlashi juda muhim.

“Bunday insonlarga yordam berishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Bu faqat hukumatning ishi emas, chunki hukumat bu masalani yolg‘iz o‘zi hal qila olmaydi. Biz ham jamiyat sifatida, o‘zimiz qilayotgan ishlar kabi, imkoniyatlar yaratishimiz lozim”, – deydi u.

So‘nggi yillarda ushbu ayol va uning turmush o‘rtog‘i Janubiy Floridada uy-joy narxlarining yuqoriligi sababli kvartira ijarasini to‘lash imkoniga ega bo‘lmagan insonlar uchun boshpana yaratishga qaratilgan bir necha loyihalarni ilgari surdi.

“Biz umumiy uylar tashkil etdik, bu uylar odamlarning daromadlarining yarmigina sarflab, boshpana va yashash uchun jamiyat muhitiga ega bo‘lishlariga imkon yaratmoqda”, – deydi u.

Davlat muassasalari ham uysiz odamlarga yordam berishga qaratilgan ayrim loyihalarni amalga oshirmoqda. Masalan, Mayamida ular “Hermanos de la Calle” (Ko‘cha birodarlari) tashkiloti bilan hamkorlikda uysizlarni jamiyatga “qayta integratsiya qilish” bo‘yicha dastur ustida ishlamoqda.

“Giyohvand moddalarni tashlashni yoki psixologik yordam olishni xohlaydiganlar uchun boshpana taqdim etiladi, ularga ish topib beriladi va jamiyatga qayta qo’shilishi uchun zarur bo‘lgan yordam va qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatiladi”, – deydi ushbu dastur tashabbuskori, Mayami shahri komissari va Mayami Rivojlanish departamenti raisi Manolo Reyes.

Davlat vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu insonlarning ayrimlari shahar boshqaruvi bo‘limlarida, hattoki politsiyada ishlay boshlaydi, bu esa ularga “ko‘proq mustaqil hayot” kechirish imkonini beradi.

“Ushbu dasturning asosiy vazifasi ularni ko‘chadan olib chiqib, boshpana berish emas, balki oilaviy va qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratish orqali odatdagi hayot tarziga qaytishga yordam berishdir”, – deydi u.

Buni ham ko'ring AQSh: Yordam dasturlari tugab, uysizlar soni 12 foizga oshgan

Janubiy Floridada 1965-yildan beri yashab kelayotgan 58 yoshli kubalik Luis Rodriges ushbu tashabbusdan foyda ko‘rgan insonlardan biridir. U har doim qurilish sohasida ishlagan, ammo “hayotdagi muammolar” tufayli kuchli giyohvandlikka berilib ketgan edi.

“2018-yilda men Mayamidagi uysizlar uchun davlat boshpanasi bo‘lgan “Camillus House” dasturiga qo‘shildim va giyohvandlikdan qutuldim. Endi men xuddi men kabi holatga tushib qolgan boshqa insonlarga bu vaziyatdan chiqishda yordam beryapman”, – deydi u.

Rodriges o‘z tajribasi orqali boshqalarga ilhom berib, ularni qiyin vaziyatlardan chiqishga undamoqda. U o’zining shaxsiy muvaffaqiyatini nafaqat o‘z hayoti uchun, balki jamiyatdagi boshqalar uchun ham foydali bo’lishini xohlaydi.

“Ko‘pchilik bunga tayyor emas, muammolar ko’p, lekin umidni yo‘qotmaslik kerak. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu holatdan chiqish mumkin”, – deydi u ishonch bilan.