Isroil Eronni josus yollayotganlikda ayblayapti

  • Amerika Ovozi

Isroil Eronni yahudiy mamlakatda josus yollash harakatlarini kuchaytirganlikda ayblayapti. O’tgan yili Isroilda 30 dan ziyod odam, jumladan zaxiradagi ikki askar Eron bilan aloqaga kirishganlikda ayblanib ushlandi. Ulardan biri Isroilning “Temir gumbaz” havo mudofaasi tizimiga doir maxfiy ma’lumotni Eronga uzatganlikda gumon qilinmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 31-yanvar, 2025-yil - Isroil Eronni josus yollayotganlikda ayblayapti

Eronning 2024-yil apreli va oktabrida Isroil harbiy bazalariga qilingan ballistik raketa hujumlari qisman josuslar uzatgan ma’lumot asosida amalga oshirilgani aytiladi.

“Eronliklarning shimoldagi bazalarga hujumlari o’sha yerga borib GPS koordinatalari aniq tushgan suratlarni olgan odamlar yordamida amalga oshirilgan”, - deydi Bar-Ilan universitetidan Eyal Pinko.

Josuslikda gumon qilinayotgan odamlarning ko’pligidan qamoqxonada ular uchun qo’shimcha joy tashkil etilgan va ular terrorizmda ayblanayotgan XAMAS jangarilari kabi og’ir sharoitlarda saqlanadi.

Isroil televideniyesi Eron josuslarni “Telegram” ilovasi orqali yollayotgani, ularga ko’p pul taklif etayotgani haqida xabar qiladi.

Masalan, hukumatga qarshi graffitilar chizish uchun 20 dollar, Isroil rasmiylarini o’g’irlash uchun 4000 dollar.

Tahlilchilar josuslikda ayblanayotgan odamlar zarar yetkazishga ulgurmasidan qo’lga olinganini aytadi.

Qo’lga tushganlarning deyarli hammasi rusiyzabon muhojirlar ekani aytilmoqda.

Isroilda bundaylar bir milliondan ko’p bo’lib, aksariyati moliyaviy qiyinchiliklardan, davlat idoralaridan yordam ololmayotganidan noliydi.

“Urush oqibatida yoki harbiy xizmatning uzaytirilishidan Isroilda rusiyzabon aholining bir qismi iqtisodiy qiyinchiliklarga uchradi”, - deydi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Chak Freylix.

Eron isroilliklarni josuslikka yollashda davom etayotgan bir paytda Isroil yaqin oylarda Eron yadro inshootlariga zarba berishi kutilmoqda.