Tramp: "Eron meni o'ldirsa, AQSh uni yakson qiladi"

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp buyrug'i bilan 2020-yilda, birinchi prezidentlik muddatida, yo'q qilingan Qosim Sulaymoniy, Eron Islomiy inqilob gvardiyasi boshliqlaridan biri, vatan qahramoni sifatida ulug'lanadi, uning surati mamlakat bo'ylab ko'chalarda osilgan

Prezident Donald Tramp Eron uni o'ldirsa, AQSh bu davlatni yer bilan yakson qilishini buyurgan. 4-fevral kuni Oq uyda jurnalistlar bilan muloqotda AQSh rahbari shuni ma'lum qildi.

Tramp imzo chekkan yangi farmonga binoan Tehronga "maksimum bosim" o'tkaziladi.

"Eron meni nishonga olsa, o'zi yo'q qilinadi. Bu borada buyruqni allaqachon berganman. Erondan hech narsa qolmaydi”, - deydi prezident.

Tramp vafot etsa yoki vazifasini boshqa biror sabab bilan bajara olmay qolsa, o'rniga Vitse-prezident Jeyms Vens keladi. U esa undan oldingi rahbarning buyruqlarini bajarishga majbur emas. Lekin Tramp uning vasiyati e'zozlanishiga ishonch bildirmoqda.

Tehron ko'chalari, 21-yanvar, 2025

Federal organlar Tramp va Amerikaning boshqa arboblariga nisbatan Eron qanday xurujlar qilishi mumkinligini azaldan kuzatib, o'rganib keladi. Turli harakatlar qayd etilgan, deydi rasmiylar.

Tramp buyrug'i bilan 2020-yilda, birinchi prezidentlik muddatida, AQSh Eronning Islomiy inqilob gvardiyasi boshliqlaridan biri Qosim Sulaymoniyni yo'q qilgan. Sulaymoniy vatan qahramoni sifatida ulug'lanadi, uning surati mamlakat bo'ylab ko'chalarda osilgan.

2024-yilda saylov kampaniyasi paytida Tramp ikki bor hujumga uchragan. Ularda Eron gumon qilinmagan.

Lekin, Adliya vazirligi ma'lum qilishicha, Eron o'tgan noyabr oyida prezident saylovi oldidan Trampni o'ldirishga uringani aniqlangan.

Vazirlik gumon qilishicha, 51 yoshli Farhod Shokiriy degan shaxsga Trampga yaqinlashish va uni o'ldirish vazifasi yuklangan. Shokiriy hozirda Eronda, deydi mutasaddilar.

Oq uy, Vashington, 4-fevral, 2025

Eron hukumati bu iddaolarni inkor etib, Isroilga aloqador odamlarni bunday uydirma bilan chiqqanlikda ayblagan.

Amerika agentlari Shokiriy o'g'rilikda aybdor deb topilib, bu davlat qamoqxonalarida o'tirib chiqqanini aniqlagan. U - Tehronning maxsus maxfiy ishlarini bajaradigan yollanma to'dani boshqaradigan odam bo'lgan, deya ko'rsatiladi rasmiy bayonotda.

Shokiriy, aslida afg'onistonlik muhojir, Federal tergov byurosi bilan gaplashgan. Agentlar bildirishicha, bu shaxs Eron Inqilobiy gvardiyasi bilan kelishuv bo'lganini tan olgan va unga o'tgan sentabr oyida yo'lini topib, Trampni yo'q qilish buyurilgan.

Trampning birinchi prezidentlik muddatida Eronga nisbatan keskin siyosat ortida turgan sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo, uning yordamchisi Brayan Huk va o'sha paytda milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi bo'lgan Jon Bolton hozirda maxfiy xizmat himoyasi ostida emas. Tramp ikkinchi muddatini boshlar ekan, davlat ularning xavfsizligini ta'minlamaydi, deya buyruq chiqargan.