Sietl Toshkent bilan 1973-yillardan beri o'ziga xos aloqalarga ega. Madaniyat, ilm-fan va iqtisod bobida hamkorlik qiladi.
24-27 iyun kunlari Toshkent shahar hokimiyati vakillari Sietlda bo'lib, birodarlik aloqalarining 40 yilligini nishonladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Sietl va Toshkent - birodar shaharlar/Navbahor Imamova
Tinch okeani bo'yida joylashgan azim shahar, Vashington shtatidagi metropolis, 1973-yildan beri (video) O'zbekiston poyxtati bilan madaniy rishtalarga ega.
Sietl rasmiylarining aytishicha, shu kungacha orada kamida 100 bora tashrif uyushtirilgan. Madaniy-ilmiy tadbirlar o'tkazilgan. Ikki shahar, ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtiradigan omillar ko'p.
"Shahrimiz rahbariyati va aholisi O'zbekiston poytaxti, Markaziy Osiyodagi eng yirik shahar bo'lmish Toshkent bilan birodarlik rishtalariga ega ekanidan faxrlanadi. Bu birodarlik faqat timsol emas, balki insonlarni insonlarga bog'laydi, hamkorlik va taraqqiyotni targ'ib qiladi",- dedi Klark xonim Sietl shahar kengashida Toshkent shahar hokimi muovini Ikrombek Berdibekov boshchiligidagi delegatsiyani qutlar ekan. (24-iyun kuni o'tgan bu tadbirni maqola tagidagi videoda tomosha qilishingiz mumkin)
Sietl ahli nomidan Toshkentga zarhal harflar bilan bitilgan va ramkaga solingan minnatdorchilik nomasi topshirildi. (Maktub original holda chap tomonda)
O'zbekistondan kelgan mehmonlar esa Salli Klarkka milliy libos va sovg'alar taqdim etdi.
Sietl shahri nomidan Toshkentga noma (suratni bossangiz kattalashadi)
Toshkent shahar hokimi muovini Ikrombek Berdibekov Sietl shahar qonunchilari oldida so'zlar ekan, mustaqillik yillarida mahalliy kengashlarning roli oshdi, deb aytdi.
Toshkent kundan kunga taraqqiy etmoqda, nafaqat Markaziy Osiyoning, balki dunyoning eng zamonaviy va rivojlangan, ko'rkam va shu bilan birga o'ziga xos shaharlaridan biriga aylanishga harakat qilmoqda, dedi rasmiy Sietl mutasaddilari bilan muloqotda.
Dan Peterson, Sietl-Toshkent Birodar Shaharlar Uyushmasi raisi deydiki, avgust-sentabr oylarida O'zbekistonga katta delegatsiya mehmonga boradi. Maqsad Toshkent shahridagi o'zgarishlar bilan tanishish, rasmiylar va jamoatchilik bilan muloqot qilish.
Bunday tashabbuslarni faqat gap deb chetga surish oson, deydi Peterson, lekin xalqlar bir-birini tushuna boshlashi uchun oldin oddiy fuqarolar bir-birini tanishi, dildan gaplashishi kerak.
Sietl-Toshkent Birodar Shaharlar Uyushmasi Sovet davrida aynan shu niyatda tuzilgan. Bugun Sietlda Toshkent tinchlik parki bor, Toshkentda ham birodar shahar bog'i ochilgan.
600 mingdan ortiq aholiga ega Sietl Toshkent yoki O’zbekistonning boshqa shaharlari singari qadimiy emas, vujudga kelganiga hali 150 yil ham bo’lmadi. Lekin bu hududda minglab yillar davomida hindu qabilalar yashagan. “Sietl” (Seattle) ulardan birining yetakchisi bo’lgan. Amerika bo’ylab ko’plab shtat, shahar va tumanlar nomi aslida hindu ism yoki so’zlardir.