Amerikaning yosh elchilari dunyo bilan bog’lanmoqda
Amerika Ovozi
Amerikalik talaba Della Brad o’tgan yoz Indoneziyaga safar qilib, bu musulmon davlatda ko’ngilli bo’lib ishladi. U Amerikaning norasmiy elchilari nomli xususiy tashabbus qatnashchisi. AQSh va musulmon dunyosi o’rtasida muomalani yaxshilashga hissa qo’shayotgan loyiha...
Your browser doesn’t support HTML5
Amerikaning norasmiy elchilari/Nasiba Tohir
Indoneziyaning Jagyakarta shahri bo’ylab sayohat qilib, odamlar bilan suhbat qurish va videoga olish Della Brad uchun uy vazifa edi:
“Indoneziyada Dinlararo dialog institutida ishladim. Bu idora diniy bag’rikenglik va fikrlar xilma-xilligini yoyadi”.
Ramazon oyi davomida u mahalliy cherkovda yosh faollar suhbatini oldi va gomoseksuallar huquqi haqida so’zladi.
“Ozgina vahima bosdi, chunki islomda gomoseksual kishilar haqida doim ham yaxshi gap eshitmaysiz. Lekin muhokama anchayin samimiy o’tdi”, - deydi u. “Har xil e’tiqod vakillari edi. Ma’ruzamdan keyin hammamiz o’tirib og’iz ochdik. Noyob bir tajriba edi”.
Brad Indoneziyada olti hafta yashadi. Tanishlar, do’stlar orttirdi:
“Hozir 10-15 ta musulmon do’stim bor. Oldingidan bir necha karra boyman do’stga”.
Loyiha koordinatori Stefan Kornibertning aytishicha, elchi yoshlar ingliz tilini o’rgatadi:
“Muallimlik qilish, yoshlarga ustozlik qilish muhim tajriba-da… Studentlardan, mahalliy aholidan fikr so’rash uchun ham yaxshi imkoniyat”.
2001-yilda ish boshlagan Amerika norasmiy elchilar programmasi xotin-qizlar rolini oshirib, mikrobiznesni qo’llab-quvvatladi, ayniqsa, Marokash va Tanzaniyada.
Vataniga qaytib, ko’ngillilar ko’rgan-bilganini hikoya qilib beradi.
“Mahallada siz tanigan odam chet elda bo’lib qaytsa, do’stlar orttirib, u yerda jamoalar hayotini yaxshilashga jindak bo’lsa ham hissa qo’shsa, musulmon olami bilan yaqinlashsa, menimcha, obro’ bu”, - deydi Kornibert.
Ko’ngillilar esa bir necha haftalik bu tajribani bir umr eslab, faxrlanib yuradi.