Ukraina urushi to’rtinchi yil ham davom etar ekan, Rossiyada urush qurbonlarini xotirlash tadbirlari o’tmoqda.
Moskva urushni hanuz “maxsus harbiy operatsiya” deb ataydi. Mamlakat bo’ylab urushda halok bo’lganlar xotirlanib, portretlari namoyish qilinadi.
Ayni damda Moskva ko’chalarida Tramp va Putinning yuzma-yuz uchrashishiga doir bahs-munozaralar bosh mavzuga aylangan.
Maksim Ilyinov yodgorlik portretlari ko’rgazmasida ishtirok etayotgan rassomlardan. U AQSh pozitsiyasidagi o’zgarishlarni olqishlaydi.
“Tramp doim kelishuvga undaydi. Bu tadbirkor pozitsiyasi. Foydani yo’qotishni emas, unga ega chiqishni istaydi. U bilan kelishsa bo’ladi, unga pul kerak, o’qlar emas”, - deydi u.
Moskva-Vashington aloqalari Ukrainani siyosiy va harbiy qo’llab-quvvatlagan Jo Bayden prezidentligi davrida keskin yomonlashdi.
Trampning urushni tugatish va’dasi, Ukraina va Yevropani chetlab o’tib, muzokara stoliga Rossiyani taklif etgani yangicha muhit yaratdi.
Biroq umidlar ortida tanqidiy mulohazalar ham bor.
“Tramp prezidentligining birinchi muddatini eslaymiz: mamlakatimizga qarshi misli ko’rilmagan yirik sanksiyalar qo’llangan, Ukrainaga qurol yetkazish oshirilgan edi. Ukraina inqirozini kuchaytiradigan, AQSh-Moskva aloqalarini sovitadigan ko’p ishlar qilindi”, - deydi Rossiya Fanlar akademiyasi olimi Aleksey Gromiko.
Ukrainaga bosqinni qoralagan rossiyaliklar qamalgan, vatanni tark etgan yoki sukut saqlashga majbur. Ular Tramp boshlagan muzokara Putinning siyosiy va harbiy g’alabasi ekanini aytmoqda.
“Rossiya AQSh bilan Ukrainadagi manfaatlari inobatga olinadigan shartlar asosida muloqot qilishni istaydi. Bu Putinning Ukrainani ishg’ol qilish rejasidan aslo farq qilmaydigan ambitsiyasi”, - deydi Germaniyada Putinga muxolif guruhlar tashkiloti rahbari Anton Barbashin.
Moskvaliklar nazdida, Bayden davrida yopilgan eshiklar Tramp rahbarligi ostida ochilmoqda.
“Tramp aqlli, pragmatik odam. U va uning atrofidagilar, Ilon Mask aqlli odamlar”, - deydi suhbatdosh ayol.
“Baydenning Ukrainada o’z manfaatlari bor edi”, - deydi yana bir moskvalik.
“Amerika bilan ishim yo’q, Biz g’alaba qozonamiz. Yevropa bilan ishim yo’q”, - deydi poytaxt rezidenti.
Ko’plab rossiyaliklar nazdida, Tramp tashabbuslari urushni yakunlash uchun muhim kanal. Ular nafaqat tinchlik o’rnatish, balki mamlakat sanksiyalar va izolyatsiyadan xalos bo’lishidan ham umidvor.