AQSh Moliya vazirligi Eronning neft sanoatiga qarshi yangi sanksiyalar qo’yib, millionlab barrel mahsulotni Xitoyga yetkazib beradigan xalqaro tarmoqni nishonga olmoqda.
Eron Qurolli kuchlari bosh shtabi neft savdosini “Sepehr Energy” nomi ostidagi kompaniyalar orqali amalga oshiradi. Sanksiyalar aynan “Sepehr Energy” va u bilan hamkorlik qiluvchi Xitoy, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklardagi jismoniy shaxslarga qaratilgan.
Vazirlikning Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) bayonotida ko’ra, Eron qurolli kuchlari boshqaradigan “Sepehr Energy” va uning filiallari sotilayotgan neft Eronniki ekanligini yashirish, uni xorijdagi xaridorlarga, jumladan Xitoyga yetkazish uchun qalbaki hujjatlardan foydalanadi.
Buni ham ko'ring Tramp: "Eron meni o'ldirsa, AQSh uni yakson qiladi"AQSh hisobicha, Tehron ushbu noqonuniy savdodan milliardlab dollar daromad oladi va shu orqali mintaqadagi terroristik guruhlarni, xususan XAMAS, Yamandagi xusiylar va Hizbulloh faoliyatini moliyalaydi.
Eronning Nyu-Yorkdagi missiyasi “Reuters” axborot agentligining bu boradagi savollarini javobsiz qoldirdi.
AQSh Moliya vaziri Skot Bessentning aytishicha, Eron bu mablag’ni yadroviy dasturini rivojlantirish, ballistik raketa va harbiy dronlar ishlab chiqarishga ham sarflaydi. AQSh Mudofaa vazirligi ham yangi sanksiyalar yuzasidan bayonot berdi.
“Biz bu rejimni, beqarorlashtiruvchi faoliyati uchun, sivilizatsiyalashgan dunyoga tahdid soluvchi yadroviy qurol yaratishga intilayotgani uchun javobgarlikka tortishda barcha vositalardan foydalanamiz”, - deydi Pentagon so’zlovchisi Temmi Bryus.
Hafta boshida Prezident Donald Tramp Tehronni yadroviy dasturidan qaytarish uchun unga “maksimal bosim” o’tkazishga doir farmon imzoladi. Matbuotdagi ayrim xabarlarga ko’ra, Eron qisqa muddatda yadroviy qurol ishlab chiqarishni rejalamoqda.